Ulashiladigan chat jildlari, maxsus fon rasmlari va boshqalar

Asl eʼlonni ingliz tilida oʻqish
Ulashiladigan chat jildlari, maxsus fon rasmlari va boshqalar bilan tanishing

Bu yangilanish foydalanuvchilarga bitta havola bilan butun chat jildlarini ulashish, alohida chatlar uchun maxsus fon rasmlarini yaratish, istalgan chatda veb-ilovalardan foydalanish va boshqa imkoniyatlarni taqdim etadi.

Ulashiladigan chat jildlari

Endi chat jildlarini havola bilan ulashish, masalan, doʻstlar yoki hamkasblaringizni oʻnlab ish chatlariga, yangiliklar kanallari toʻplamiga va boshqalarga taklif qilish mumkin. Ular bitta bosish bilan jildni qoʻshadi va undagi barcha chatlarga darhol qoʻshiladi.

Har bir chat jildi turli chatlarga kirish imkonini beruvchi bir nechta taklif havolasini dastaklaydi. Havola yaratayotganda siz kiritmoqchi boʻlgan chatlarni tanlang va Amaliyot yoki Menejerlar kabi unga mos unikal nom bering.

Siz istalgan ommaviy chatni, shuningdek, odamlarni qoʻshish admin ruxsatingiz boʻlgan istalgan chatni kiritishingiz mumkin.

Agar jildingizga koʻproq chatlarni qoʻshsangiz va uning havolasini yangilasangiz, aʼzolar yangi chatlarga qoʻshilish taklifini koʻradi.

Jild yaratish uchun Sozlamalar > Chat jildlari rukniga kiring. Tafsilotlar bilan Ulashiladigan jildlar yuzasidan batafsil qoʻllanmamizda tanishing.

Maxsus fon rasmlari

Sevimli rasmlaringiz va rang kombinatsiyalarini suhbatlarni yanada moslashtirish va ajralib turadigan qilish uchun muayyan chatlarda maxsus fon rasmlari sifatida tanlashingiz mumkin.

Fon rasmini oʻrnatganingizdan keyin chatda maxsus xabar yuboriladi, bu suhbatdoshingizga oʻziga bir xil chat fonini qoʻshish imkonini beradi yoki u oʻzinikini yaratishi mumkin.

Yakkama-yakka chatda maxsus fon rasmi oʻrnatishingiz mumkin. Maxsus fon rasmi oʻrnatish uchun Android uchun ilovada chat yuqori qismida ⋮ > “Fon rasmi oʻrnatish” bandini bosing yoki iOS uchun ilovada profilni oching va ⋯ > “Fon rasmini oʻzgartirish” bandini bosing.

Botlar uchun koʻproq imkoniyatlar

Telegramda bevosita chatda ochiladigan hamda millionlab foydalanuvchilarga xizmatlar va foydali funksiyalarga tezkor va qulay kirish imkonini beradigan veb-ilovalarni joylash mumkin. Endi integratsiya qilingan veb-ilovalarni istalgan chatda ishga tushirish mumkin.

Bu funksiyani dastaklaydigan veb-ilovalar botlariga Telegramdagi istalgan chatda bevosita havola yoki botning foydalanuvchi nomini zikr qilish orqali kirish mumkin. Masalan, istalgan chatda @durgerkingbot (nomdan keyin boʻshliq bilan) yoki shu kabi havolani joylang: https://t.me/DurgerKingBot/menu

Guruhda ishga tushirilganida veb-ilovalar endi aʼzolar uchun hamkorlikda ishlash va oʻyinlar funksiyalarini dastaklashi mumkin.

Bu funksiya uchinchi tomon dasturchilari va tadbirkorlari uchun shusiz ham ulkan imkoniyatlarni yanada kengaytiradi – barcha uchun bepul. API bilan tanishing va tuzishni boshlang!

Telegram botlari haqidagi oxirgi yangiliklar uchun @BotNews kanaliga obuna boʻling.

Fragmentda bot havolalari va Telegram Premium

Botlar endi kolleksiyalanadigan foydalanuvchi nomlari, jumladan, -bot qoʻshimchalarisiz havolalardan foydalanishi mumkin.

Shuningdek, Fragment orqali Telegram Premiumni oʻzingiz uchun sotib olishingiz yoki boshqalarga hadya qilishingiz mumkin.

Biriktirmalar uchun tezkor varaqlash

Biriktirmalar menyusi endi xuddi Umumiy media kabi katta tezlikda varaqlanadi. Vaqt boʻylab sayohat qilish uchun sana blokini pastga torting.

Mavzularda xabarni oʻqish vaqti

Mavzular yoqilgan 100 tadan kamroq aʼzoli guruhlarda endi boshqa guruhlar aʼzolari xabarlaringizni qachon oʻqiganini koʻrishingiz mumkin.

Yaxshilangan interfeyslar

Onlayn boʻlganda yuborish kamroq bosishni talab qiladi – siz suhbatdoshingizning oxirgi faollik vaqtini koʻra oladigan chatlarda Yuborish tugmasini bosing.

Agar avval ruxsatlarni sozlash va bir nechta xabarni qadashni xohlasangiz, darhol aʼzolarni qoʻshmasdan guruhlar yaratishingiz mumkin.

Oxirgi iPhone modellarida profillar va axborot sahifalarini varaqlaganingizda profil rasmlari dinamik orolga ravon surilib kiruvchi yangi animatsiya qoʻshildi.

Buguncha shular. Tez orada yanada koʻproq funksiyalar bilan koʻrishguncha.


2023-yil, 21-aprel
Telegram jamoasi